Internet ijtimoiy tarmoqlarida Shahrisabz shahrida "Nexia-3" mashinasi ishtirokida sodir bo`lgan dahshatli avtohalokat videosi tarqaldi. Aytilishicha, mashina ichida bo`lgan 4 nafar yigit voqea joyida halok bo`lgan.
Qashqadaryo viloyat IIB Axborot xizmatining rasmiy munosabatiga ko`ra, halokat 2022 yil 11 iyul kunidan 12 iyul kuniga o`tar kechasi soat taxminan 23.00 lar chamasida M-39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yo`lining Shahrisabz shahar «Qo`shxona» MFYdan o`tgan 1171 km.da sodir bo`lgan.
Shahrisabz shahar «Bo`ston» MFYda yashovchi fuqaro Sh.Sh. o`z boshqaruvidagi "Nexia-3" rusumli avtomashinasini Toshkent shahri yo`nalishi tomon boshqarib kelib, avtomobil boshqaruvini yo`qotishi natijasida yo`l chetidagi beton to`siqqa urilib, yo`l-transport hodisasi sodir etgan.
Natijada "Nexia-3" avtomobili ichidagi yo`lovchilar F.J. va S.Q.lar og`ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.
Avtomashina haydovchisi Sh.Sh. hamda ushbu avtomashinada yo`lovchi sifatida kelayotgan fuqaro R.U. tan jarohati olib, Shahrisabz shahar Tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






