Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani Ko`xitang tog` tizmasi etaklarining janubi-sharqiy yonbag`rida, dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan "Xo`jayikon" tuz g`ori madaniy meros ob`ektiga ayni vaqtda zarar etkazishi mumkin bo`lgan holatlar mavjud. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar bermoqda.
Xususan, ushbu ob`ektdan Surxondaryo viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi tarkibidagi Sherobod tumani tibbiyot birlashmasi xo`jalik hisobidan tegishli asoslantiruvchi hujjatlarsiz foydalanib kelmoqda. Bu esa madaniy meros ob`ektining muhofazasini ta`minlashda bir qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Ma`lum qilinishicha, 1989 yilda ochilgan, moddiy madaniy meros ob`ekti hisoblanadigan "Xo`jaykon" tuz g`orining ichki qismida san`at galereyalari tizimi bilan birgalikda bir-biridan harorat, namlik, bosim va mikroiqlim bo`yicha farq qiluvchi beshta xona-kameralar mavjud. G`or devorlari o`ziga xos tarzda bir santimetrdan uch santimetrgacha tuz qatlami bilan qoplangan, o`tish joyida tuz eritmali shifobaxsh buloq mavjud. Ushbu g`or muhitida nafas yo`llarining allergik kasalliklari, uzoq davom etadigan o`tkir va surunkali bronxit, astma, pnevmoniya asoratlari, immuniteti pasaygan bemorlar va teri kasalliklarini davolashda foydali qo`shimchalar mavjud.
"Xo`jaykon" tuz g`ori madaniy meros ob`ektini asrab avaylash, uni davlat muhofazasiga olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida” 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatiga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida” 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-sonli hamda 2021 yil 3 martdagi 119-sonli qarorlari bilan Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani, Oqtoshota qishlog`i, "Chorbog`" MFYda joylashgan "Xo`jayikon" tuz g`ori madaniy meros ob`ekti "Termiz" davlat muzey-qo`riqxonasi balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan.
Mazkur qarorlar doirasida "Termiz" davlat muzey-qo`riqxonasi tomonidan "Xo`jayikon" tuz g`ori madaniy meros ob`ektining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, egalik huquqi olingan.
"Termiz" davlat muzey-qo`riqxonasi tomonidan Xo`jayikon tuz g`ori madaniy meros obektidan samarali foydalanish hamda egalik huquqi asosida barcha turdagi tashrifchilar uchun ish faoliyatini tashkil etish maqsadida Surxondaryo viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasiga bir necha bor murojaat qilingan.
Surxondaryo viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan bu masala e`tiborsiz qoldirilgani sababli, "Xo`jayikon" tuz g`ori madaniy meros ob`ektidan Sherobod tumani tibbiyot birlashmasining majburiy tartibda chiqarilishini so`rab, joriy yilning 18 aprel kuni "Termiz" davlat muzey-qo`riqxonasi tomonidan Termiz tumani tumanlararo iqtisodiy sudiga davo arizasi kiritildi.
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan yakuniy sud qarori chiqarilishida "Xo`jayikon" tuz g`ori madaniy meros ob`ektining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi yuzasidan Termiz tumanlararo ma`muriy sud qarori chiqarilishi kutilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, joriy yilning 15 iyun kuni Termiz tumanlararo ma`muriy sudi tomonidan ko`rib o`tilgan ishda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida "Xo`jayikon" tuz g`ori madaniy meros ob`ektining "Termiz" davlat muzey-qo`riqxonasiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, egalik huquqi berilganligi noqonuniy deb topilmoqda.