O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi xabar bermoqda.
Unga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining favqulodda holatning amal qilishini muddatidan avval tugatish to`g`risidagi murojaatini hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida jamoat tartibi tiklanganligini va ko`rilgan choralar natijasida fuqarolarning xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari himoyasi ta`minlanganligini inobatga olib, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonunining 11-moddasiga muvofiq:
- O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 iyuldagi “Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish to`g`risida”gi PF‒164-son Farmoni bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida joriy etilgan favqulodda holatning amal qilishi 2022 yil 21 iyul kuni soat 05:00 dan boshlab muddatidan avval tugatiladi.
Mazkur Farmon 2022 yil 21 iyul kuni soat 05:00 dan e`tiboran kuchga kiradi.






