Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 20 iyul kuni Qonunchilik palatasidagi chiqishida davlat xizmatlari ko`rsatish tizimini aholi uchun qulaylashtirish bo`yicha axborot berdi.
Vazir o`z axborotida hozir pensiya tayinlash uchun fuqaro faqatgina pasport bilan murojaat qilishi etarli ekani, kelgusida tizim bundan-da soddalashtirilishini aytdi.
“Yoshga doir pensiya tayinlash bo`yicha davlat o`zining majburiyatini to`g`ri his qilib, murojaatsiz pensiya tayinlash tizimiga o`tmoqchimiz. Insonlar shuncha ishlaydi, davlatga, jamiyatga xizmat qiladi, umrining oxirgi bosqichlari kelganda esa byurokratiyadan qiynalib, kerak bo`lsa sudlashib yuradi.
Tahlil qilinadigan bo`lsa, pensiya masalasida juda ko`p sud nizolari bor. Aslida bunday bo`lmasligi kerak. Pensiya bo`yicha hech qanday nizo qolmasligi kerak. Shuncha ishlaganidan keyin davlat tegishli imkoniyatlarni yaratib berishi kerak.
Har qanday noaniqliklar pensiya oluvchining foydasiga talqin qilinishi kerak. Biz bir yilda mana shu tizimga o`tishga harakat qilamiz. Bu erda asosiy ijrochi – Moliya vazirligi, ularda juda yaxshi jamoa shakllangan”, – dedi Davletov.






