AsosiyJamiyat

Attestasiyada 20 mingdan ziyod pedagog mutaxassis lavozimiga muvofiq emas deb topildi

'Attestasiyada 20 mingdan ziyod pedagog mutaxassis lavozimiga muvofiq emas deb topildi'ning rasmi

Joriy yilning birinchi yarmida o`tkazilgan attestasiyada ishtirok etish uchun jami 294 ming 175 nafar pedagog murojaat yuborgan.

Shulardan, 78 ming 527 nafar pedagog navbatdagi-majburiy, 214 ming 985 nafari navbatdan tashqari, o`zi ixtiyori bilan attestasiyada ishtirok etish uchun, 809 nafari esa imtiyozlari mavjudligi sabab to`g`ridan-to`g`ri toifa olish uchun murojaat yuborgan.  

AOKAda o`tkazilgan brifingda Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo`jaqulov pedagog kadrlar uchun qulayliklar yaratish, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash maqsadida 1 martdan boshlab 30 ta o`quv fanlaridan test sinovlari bo`yicha onlayn-repetisiyalar tashkil etilganini ma`lum qildi.  

O`quv fanlaridan malaka sinovlari joriy yilning mart-may oylarida real vaqt rejimida, zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalari bilan ta`minlangan xonalarda onlayn tarzda o`tkazilgan. 

Shuningdek, madaniyat va san`at yo`nalishidagi mutaxassislik va umumkasbiy fanlaridan ijodiy imtihon shaklida tashkil qilindi. Barcha hududlarda o`tkazilgan sinovlar imtihon.tdi.uz sayti orqali real vaqt rejimida efirga uzatib borildi.

Yakuniy natijalariga ko`ra, attestasiyada ishtirok etgan jami pedagoglarning 16 ming 190 nafari, ya`ni 6 foizi oliy malaka toifasi, 53 ming 662 nafari, ya`ni 19 foizi birinchi malaka toifasi, 104 ming 782 nafari, ya`ni 38 foizi ikkinchi malaka toifasi olishga muvaffaq bo`lgan. 20 ming 30 nafar 7 foiz pedagoglarga nisbatan esa mutaxassis lavozimiga muvofiq emasligi to`g`risida qarorlar qabul qilingan.  

61 ming 489 nafar pedagog o`z ixtiyori bilan navbatdan tashqari attestasiyada ishtirok etib, past natija qayd etgan. Attestasiya ishtirok etgan jami pedagoglarning 68 foizi ijobiy natija qayd etishgan. 

Joriy  yilning birinchi yarmida o`tkazilgan pedagog kadrlar attestasiyasida ijobiy natija qayd etgan pedagoglar salmog`ini hududlar kesimida tahlil qilganda Xorazm, Navoiy va Namangan viloyati o`qituvchilari yuqori natija qayd etgan bo`lsa, Qashqadaryo, Jizzax va Toshkent viloyati vakillari boshqa viloyatlarga nisbatan pastroq natija ko`rsatishgan. 

Ta`lim inspeksiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali o`tkazilgan anonim so`rovnomada ishtirok etgan 18 ming nafardan ortiq pedagogning 92 foizi 2022 yilning birinchi yarmida o`tkazilgan pedagog kadrlar attestasiyasi jarayonlarini ijobiy baholashgan.

Joriy yilgi attetasiya jarayonlarida pedagoglarga yaratilgan yana bir qulaylik, malaka toifasi olinganligi haqidagi sertifikatlar ilk marotaba elektron ko`rinishda har bir o`qituvchining shaxsiy kabinetiga yuborildi.  

Ma`lumot o`rnida ta`kidlash lozimki, joriy yilning 1 avgust kunidan boshlab, ikkinchi yarim yillikda o`tkaziladigan pedagog kadrlar attestasiyasida ishtirok etish uchun hujjatlar qabul qilish boshlanadi.  Ushbu sinovlarda ishtirok etish uchun pedagoglar inspeksiyaning pedkadr.tdi.uz sayti yoki my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat yuborishlari mumkin. 

    Boshqa yangiliklar