Hukumat qarori (399-son, 22.07.2022 y.) bilan Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo`linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikasiya qilish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan “E-patrul” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va fuqaroni shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo`limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi.
Barcha ma`lumotlar elektron tekshiriladi va patrul-post xodimi faoliyati “bodikamera”ga tasvirga olinadi.
Nizomga ko`ra, xodimlar quyidagi hollarda fuqaroni to`xtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki “E-patrul” tizimi orqali ularning shaxsini aniqlashi mumkin:
- ️shaxs jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilishga asos bo`lsa;
- ️shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarlik haqida ma`lumotga ega deb hisoblash mumkin bo`lsa;
- ️shaxsni ushlab turishga boshqa qonuniy asoslar bo`lsa.
️Xodim shaxsni to`xtatganda uni to`xtatganlik sabablari va asoslarini tushuntirishi shart.
Yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo`lmagan fuqaro quyidagi hollarda ichki ishlar organiga olib boriladi:
- ️uning shaxsini planshet orqali aniqlash imkoni bo`lmaganda;
▫️qidiruvda bo`lgan yoki bedarak yo`qolgan shaxslar aniqlanganda;
▫️shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida qarshilik ko`rsatganda;
▫️jamoat joyida huquqbuzarlik sodir etish vaqtida ushlanganda.






