Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlari uchun ochiq tanlovlar haqida AOKAda o`tkazilgan brifingda ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, ayni kunlarda vacancy.argos.uz portalida 2552 ta vakant lavozim uchun ochiq tanlov davom etmoqda.
Xabarga asosan, 21 iyul holatiga 70 ta davlat organi va tashkiloti, shuningdek, barcha hokimliklar Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portaliga ulangan bo`lib, ular tomonidan vakant lavozimlar uchun 78 mingdan ortiq tanlov e`lon qilingan.
Xo`sh, nomzodlarning orasida ishga qabul qilinganlari bormi?
Ma`lumotga ko`ra, tanlovlarga 935 316 nafardan ziyod nomzodlar hujjat yuborgan bo`lsa, ularning 35 780 nafari tanlov g`olibi sifatida davlat xizmatiga qabul qilingan. Tanlov g`oliblarining 14 063 nafari 30 yoshgacha bo`lgan, 11 132 nafari ayollar, shuningdek, 6 986 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilingan fuqarolarni tashkil etadi.
Hozirda portalda 231 mingdan ortiq fuqaro o`z rezyumesini shakllantirgan.
Eslatib o`tamiz, Oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilari yoxud ish stajiga ega bo`lmagan fuqarolar davlat organlarining staj talab qilinmaydigan lavozimlarini egallash uchun ochiq tanlovlarda ishtirok etishlari mumkin.
Eslatib o`tamiz, ayni kunlarda tanlov jarayonlarining shaffofligini oshirish maqsadida tanlovlarning test sinovi bosqichi Agentlikning hududiy filiallarida markazlashgan holda tashkil etilishi yo`lga qo`yilib, jarayonlar onlayn tarzda internet tarmog`i orqali uzatilib, test jarayonining havolasi “Telegram”dagi maxsus https://t.me/vacancyonline kanaliga tezkor joylashtirilmoqda.