Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qarshi magistral kanalining Qarshi tumanidagi “Mirmiron” MFY hududidan oqib o`tuvchi qismidan olingan suv namunasida vabo vibrioni aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining viloyat boshqarmasi izoh berib, u vabo qo`zg`ata olmasligini aytmoqda.
Ma`lum qilinishicha, 5 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi o`lat profilaktika markazining viloyat filiali xodimlari tomonidan Qarshi magistral bosh kanalining Qarshi tumani “Mirmiron” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat bo`yicha mintaqaviy filiali ro`parasidagi ochiq suv havzasida tekshirish o`tkazilgan. Namuna uchun olingan suv namunasidan vabo vibrioni (kasallik chaqirmaydigan turi) aniqlangan.
Shundan so`n, aholi o`rtasida vabo kasalligining oldini olish maqsadida mazkur hududda profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni olib borish bo`yicha “O`zbekiston mustaqilligi” oilaviy poliklinikasi mudirasiga bildirish xati yuborilgan.
"Tekshirishlar natijasida mazkur hududda vabo kasalligiga gumon qilingan bemorlar aniqlanmagan. Yuqorida qayd etilgan ochiq suv havzasidan 2022 yil 19 iyul kuni vabo kasalligiga tekshirish uchun qayta namunalar olingan. Tekshiruv natijalari bo`yicha vabo vibrionlari qayd etilmagan",-deyilmoqda mazkur hududda aholi o`rtasida epidemiologik barqarorlik ta`minlanganligi va xavotirga o`rin yo`qligi aytilib.
Dilbar Abdunabieva.






