Bugun, 23 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “60 gradusda Chaqaloq bug`doyzorga tashlab ketilibdi, Buxoro, G`ijduvon, "Shukur to`xta" fermer xo`jaligini erlaridan topib olinibdi. Holat haqida ma`lumot yo`q. RASMIY MUNOSABAT KUTIB QOLAMIZ” sarlavhasi ostida rasmli murojaat tarqaldi.
Buxoro viloyati IIB holat yuzasidan rasmiy ma`lumot taqdim etdi.
Aniqlanishicha, 2022 yilning 22 iyul kuni soat 16:07 da viloyat IIBning “102” avtomatlashtirilgan tizimiga G`ijduvon tumani Ko`lijabbor MFY Ko`xna Nayman qishlog`ida joylashgan “Shukur To`xta” fermer xo`jaligining dala maydoni yoqasidagi (kapa) shiyponda shaxsi aniq bo`lmagan taxminan 9 oylik bola topib olinib, tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilganligi haqida xabar kelib tushgan.
Mazkur xabar G`ijduvon tumani IIB Navbatchilik qismida qayd qilinib, tezkor tergov guruhi tomonidan hodisa sodir bo`lgan joy ko`zdan kechirilgan va kechiktirib bo`lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsi aniq bo`lmagan taxminan 9 oylik bola G`ijduvon tuman tibbiyot birlashmasi bolalarni sog`lomlashtirish bo`limida shifokorlar nazoratiga olingan bo`lib, holat yuzasidan G`ijduvon tuman Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlarining yakuni yuzasidan qo`shimcha ma`lumot beriladi.