24 iyul kuni O`zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi.
Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, suhbat avvalida Rossiya etakchisi Mirziyoevni tavallud kuni bilan tabriklab, unga sog`lik, baxt-saodat hamda O`zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo`lidagi davlatchilik faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilagan.
Shuningdek, Vladimir Putin kuni kecha Shavkat Mirziyoevni do`stlik va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlash to`g`risida farmon imzolangani haqida xabar bergan.
"Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentiga O`zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi darajasiga yuksak baho bergani va ularni yanada mustahkamlash masalalarini har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi",-deyiladi xabarda.
Sal avval xabar qilinishicha, Shavkat Mirziyoev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan ham telefon orqali suhbatlashgan.
Belarus rahbari ham O`zbekiston etakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, do`st O`zbekistonning ko`p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
Xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashilib, joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o`tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibidagi masalalar muhokama qilingani aytiladi.






