Pensiya jamg`armasining Samarqand shahar bo`limi boshlig`i o`rinbosari ish stajini soxtalashtirish orqali nafaqa rasmiylashtirib berish evaziga pul olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, fuqaro nafaqaga chiqish uchun shahardagi Pensiya jamg`armasi bo`limiga borib, ishlagan davrini hisoblatganida 1,5 yil ish staji etmagan. Shu erda ushbu fuqaroga o`zini bo`lim boshlig`i o`rinbosari etib tanishtirgan shaxs etmagan ish stajini soxtalashtirish orqali to`g`irlash va nafaqa rasmiylashtirib berish uchun undan 300 dollar talab qilgan. Fuqaro 18 iyul kuni Samarqand shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, ushbu shaxsga nisbatan chora ko`rishlarini so`ragan.
Arizaga asosan viloyat IIB Jinoyat-qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda shahar prokuraturasi hamkorligida tezkor tadbir o`tkazilgan. Tadbir davomida jamg`arma mas`uli ariza muallifidan 300 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.






