Buxoro shahrida sug`urta mablag`larini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma`lum qilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo`limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Buxoro shahrida sug`urta mablag`larini talon-toroj qilish holati aniqlandi, “I.S.” AJ Buxoro filiali sobiq rahbari E.A. va boshqalar 23 nafar mijoz bilan tuzilgan sug`urta polislari uchun undirilgan 55,1 mln so`m naqd pulni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






