Samarqand tumani hududidan o`tuvchi yo`lda "Lacetti", "Isuzu" va "KamAZ" ishtirokida ayanchli avtohalokat yuz berdi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, halokat 18 iyul kuni 23:00 larda Samarqand tumani hududidan o`tuvchi A-378 avtomobil yo`lining 12-kilometrida sodir bo`lgan. "Lacetti" chapga burilayotganda o`zi bilan bir yo`nalishda harakatlanib kelayotgan "Isuzu" orqasidan urib yuborgan.
Yo`l-transport hodisasi oqibatida "Lacetti" qarama-qarshi yo`nalishda harakatlanayotgan "KamAZ" ostida kirib ketgan va engil mashina haydovchisi tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Yuk mashina haydovchilariga tuman tibbiyot birlashmasida tez tibbiy yordam ko`rsatilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-modda 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






