Bloger poytaxt ko`chalarida harakatlanayotgan ayrim avtobuslarga o`rnatilgan kondisionerlar ishlamay turganini tanqid ostiga oldi. Hozirgi anomal haroratda bunday yondashuv mutlaqo noto`g`ri ekanligini, "Toshshahartransxizmat" yo`lovchilarga maksimal qulaylik yaratish, harorat odatiy me`yorga qaytguniga qadar kondisionerlardan foydalanish bo`yicha avtobus saroylarini nazoratga olishi zarurligini ta`kidladi.
Mazkur murojaat yuzasidan "Toshshahartransxizmat" AJ esa boshqa fikrda.
Ta`kidlanishicha, avtobus va elektrobuslardan 271 tasi salonni sovutish tizimi bilan jihozlangan bo`lib, ularning iqlim nazorati tizimlari va havoni tozalab beruvchi filtrlari talab darajasida ishlashi doimiy nazoratdan o`tkazilmoqda. Anomal issiq ob-havoda saloniga kondisionerlar o`rnatilmagan avtobuslardagi yo`lovchilarga bepul mineral suvlar tarqatilmoqda.
" – Shuningdek, barcha avtobus saroylari rahbarlariga yo`nalish vaqtida haydovchilar avtobus va elektrobuslarda mavjud salonni sovutish tizimi (kondisioner) ni yoqgan holda harakatlanishlarini hamda salonni sovutish tizimida texnik nosozliklar uchragan vaqtda darhol uni bartaraf etish choralarini ko`rishlari yuzasidan maxsus ko`rsatmalar berildi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi "Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi PQ-111-son qaroriga asosan xarid qilinayotgan harakat tarkibi (avtobus va elektrobuslar) salonni sovutish tizimi bilan to`liq jihozlangan.
Aziz yo`lovchilar! Yuqoridagi kabi holatlar kuzatilgan taqdirda "Toshshahartransxizmat" AJ ning qisqa raqamli 1062 ishonch telefoni orqali murojaat qilishingizni so`raymiz", – deyiladi munosabatda.






