Rossiyaning Vladivostok shahrida qiyin ahvolda qolgan o`zbekistonlik ayol vatanga qaytarildi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Toshkent viloyatidan bo`lgan fuqaro M.M. 2021 yilning iyul oyida Vladivostok shahriga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun borgan. Oradan bir yil o`tib, ish vaqtida yiqilgan va salomatligini yo`qotgan.
54 yoshli ayol O`zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilib, sog`lig`i yomonlashgani va moliyaviy qiyin ahvolga tushib qolgani sababli vatanga qaytishda yordam so`ragan.
"Yurtdoshimizga yordam ko`rsatilib, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi mablag`lari evaziga O`zbekistonga qaytarildi", — deyiladi xabarda.






