Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitalarining qo`shma majlisida Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo`llarini rivojlantirish maqsadli jamg`armasi rahbarining sohani rivojlantirish uchun ajratilgan mablag`larning sarflanishi holati to`g`risidagi axboroti muhokama etildi.
Qayd etilganidek, 2021 yilda respublika byudjeti mablag`lari hisobidan yo`l xo`jaligi sohasini rivojlantirish, ya`ni avtomobil yo`llari sohasidagi loyihalarni qurish-ta`mirlash, ekspluatasiya qilish va yo`l xo`jaligidagi tashkilotlarni saqlash maqsadida 10,1 trln so`m ajratilgan.
Hududiy avtomobil yo`llarini rivojlantirish jamg`armalarining 2021 yil yakunlari bo`yicha umumiy tushumlari 4 276,8 mlrd so`mni tashkil etgan bo`lib, shundan 2021 yilda 4 049,0 mlrd so`m mablag` sarflangan.
2022 yilda 7,8 trln so`m ajratilishi nazarda tutilgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida ajratilgan mablag`lar 3 194,0 mlrd so`mi yoki yillik rejaga nisbatan 41 foiz o`zlashtirilgan.
Hududiy avtomobil yo`llarini rivojlantirish jamg`armalarining 2022 yil birinchi yarim yillikdagi umumiy tushumlari 1 846,9 mlrd so`mni va xarajatlari 820,9 mlrd so`mni tashkil etdi.
Ajratilgan mablag`lar hisobiga hisobot davrida 3 317,6 km dan ortiq umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llari va 17 382 km dan ortiq ichki yo`llarda qurish-ta`mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, Moliya vazirligi, Bosh prokuratura va Hisob palatasi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar tahliliga, mamlakatimizda yo`l xo`jaligi sohasiga ajratilgan mablag`larni sarflashda qator muammo va kamchiliklar mavjudligiga alohida e`tibor qaratildi.
Jumladan, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining 2021-2022 yillarda yo`l xo`jaligi loyihalarida amalga oshirilgan qurish-ta`mirlash ishlarini o`rganishlari ko`rsatganidek, 45 ta holatda 34 575,2 mlrd so`mlik mablag`lar samarasiz va noqonuniy sarflangan.
Shundan 2022 yil ikkinchi chorak yakuni bo`yicha jami 23 177,4 mlrd so`mlik qurilish-montaj ishlari qonunga zid ravishda sarflangan.
Bundan tashqari, Bosh prokuratura tomonidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, 2021 yil va joriy yilning birinchi yarmida prokuratura organlari hududiy jamg`armalarda jami 20 ta tekshirish o`tkazib, nazorat tadbirlarida aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 6 ta taqdimnoma kiritilgan, 12 nafar mansabdor shaxsga ogohlantirish e`lon qilingan, 11 nafar shaxs intizomiy va 21 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortilgan, qo`pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 12 ta jinoyat ishlari qo`zg`atilgan.
Misol uchun, Namangan viloyati Pop tumanidagi 4R-125 “G`urumsaroy - Xonobod - Chodak - Guliston” avtomobil yo`lining 10–37 km qismida loyiha qiymati 3 mlrd so`mlik kapital ta`mirlash ishlarini bajarishda “Namangan ko`priklardan foydalanish” UK mansabdor shaxslari tomonidan haqiqatda bajarilmagan 2,5 mlrd so`mlik ish hajmini hisobotlarga qo`shib yozish orqali jamg`arma mablag`larini talon-toroj qilingani aniqlangan.
Ta`kidlanishicha, muhokama yakunida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga ko`rsatmalar berildi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitalarining qo`shma qarori qabul qilindi.