Maktabgacha ta`lim vazirligi holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 28 iyul sanasida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar Maktabgacha ta`lim bo`limi tasarrufidagi 1-Davlat maktabgacha ta`lim tashkilotida mazkur maktabgacha ta`lim tashkilotida qatnamaydigan 2014 yilda tug`ilgan S.X. singlisi A.X. bilan birgalikda bog`chaga kelgan. Tayyorlov guruhi tarbiyachisi S.J. S.X. hamda A.X.ning onasining iltimosiga ko`ra qonunga zid ravishda S.X.ni ham olib qolgan.
Tushlik paytida opa – singil S.X. va A.X. tashkilot hojatxonasiga chiqishgan. Opasi hojatxona ichkarisiga kirgan paytda, singlisi tashqaridan hojatxona eshikni ochib-yopib o`ynagan. Natijada hojatxona eshigining oynasi sinib, shisha bo`laklari S.X.ni jiddiy jarohatlagan. Voqeadan xabar topgan tashkilot hamshirasi tezda birinchi yordam ko`rsatgan. Biroq, S.X. jarohati chuqurligi sabab, ko`p qon yo`qotish natijasida vafot etgan.
"Holat yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi o`rganish olib bormoqda",-deyiladi marhumning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirilib.






