Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Moskva shahridagi mehnat migrantlari yashagan xostelda sodir bo`lgan yong`in oqibatida fuqarolar vafot etgani haqida ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlar yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ushbu hodisa yuzasidan o`rganish ishlarini boshladi.
Ma`lum bo`lishicha, joriy yil 28 iyuldan 29 iyulga o`tar kechasi Alma-Atinskaya ko`chasidagi 7-korpus, 2-uyda joylashgan xostelda sodir bo`lgan yong`in oqibatida 8 nafar fuqaro vafot etgan va 4 nafar fuqaro jarohat olgan.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, vafot etganlarning 2 nafari (S.N., 2003 yilda tug`ilgan va A.A., 1986 yilda tug`ilgan) O`zbekiston fuqarolari hisoblanadi.
Ushbu hodisa yuzasidan Brateevo tumani tergov qo`mitasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
Hamyurtlarimiz jasadlarini Vatanga olib kelish bo`yicha barcha choralar ko`riladi.






