AsosiyJamiyat

Vladimir Norov Koreya Respublikasi Milliy Assambleyaning delegasiyasi bilan uchrashdi

'Vladimir Norov Koreya Respublikasi Milliy Assambleyaning delegasiyasi bilan uchrashdi'ning rasmi

Bugun O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov "Koreya-O`zbekiston" parlament Do`stlik uyushmasi raisi Pak Kvang On boshchiligidagi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi delegasiyasi bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirligining ma`lumotiga ko`ra, muloqot chog`ida Janubiy Koreya parlamenti vakillarining O`zbekistonga tashrifi ochiqlik, o`zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama do`stlik va maxsus strategik sheriklik munosabatlarining kengayib, mustahkamlanib borayotganidan yana bir bor dalolat berishi qayd etildi.

Pak Kvang On Koreya Respublikasi Yangi O`zbekistondagi keng ko`lamli o`zgarishlar, jumladan, mamlakatning Asosiy qonunini isloh qilish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar jarayonini qat`iy qo`llab-quvvatlashini ma`lum qildi.

Milliy Assambleyaning O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2021 yil dekabr oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosiga ko`maklashishga tayyorligi ta`kidlandi.

Turli darajadagi, jumladan, "Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi" shaklidagi bo`lajak tadbirlar jadvali bo`yicha fikr almashildi.

Raqamlashtirish va elektron hukumat sohalarida hamkorlikni jadallashtirish, qo`shma investisiya loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi. Pak Kvang Onning ta`kidlashicha, O`zbekiston Koreya Respublikasi uchun investisiya kiritish, birgalikda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va biznes yuritish nuqtayi nazaridan jozibador mamlakat bo`lib qolmoqda.

    Boshqa yangiliklar