Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan tashqarida realizasiya qilinishi, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini muomalaga kiritilishini oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Xususan, joriy yilning o`tgan davrida bu yo`nalishda 82 ta huquqbuzarlik aniqlanib, natijasiga ko`ra 56 ta jinoiy hamda 26 ta ma`muriy ishlar qo`zg`atilgan.
Huquqbuzarlar tomonidan muomalaga kiritilishi mo`ljallangan 4,4 mlrd so`mlik sifatsiz va qalbaki dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ashyoviy dalil sifatida olib qo`yilgan.
Shuningdek, inson ruhiyatiga kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari yoki psixotrop moddalarni tayyorlash, saqlash va o`tkazish bilan bog`liq 52 ta jinoyat aniqlanib, 272 mln so`mlik ushbu turdagi preparatlarning noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olingan.
Departament fuqarolarni dorixonalardan tashqarida sotib olingan, shu jumladan, tegishli hujjatlarga ega bo`lmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlaridan foydalanish hamda tarkibida kuchli ta`sir qiluvchi moddalar mavjud preparatlarni notibbiy maqsadlarda iste`mol qilish inson salomatligiga jiddiy xavf tug`dirishidan ogohlantirmoqda.
Agarda dori vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish holatlariga duch kelsangiz yoki kuchli ta`sir qiluvchi preparatlarni noqonuniy taklif qilayotgan shaxslar haqida ma`lumotga ega bo`lsangiz, Bosh prokuratura huzuridagi Departamenting 71-233-10-07 raqamli ishonch telefoni yoki www.new-department.uz rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilishingiz so`ralmoqda.






