“Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, Navoiy viloyatida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan maktabdan tashqari davlat sport-ta`lim muassasasi hisoblangan Xalqaro shaxmat maktabi tashkil qilindi.
Har yili o`tkazib kelinayotgan Prezident sovrini uchun xalqaro shaxmat turnirining final bosqichi 2023 yildan boshlab Xalqaro shaxmat maktabida o`tkaziladi.
Qarorga ko`ra, 2023 yildan har yili tizimli ravishda quyidagi musobaqalar o`tkaziladi:
- yoshlar o`rtasida barcha hududlarda “Rokirovka” turniri;
- keksa avlod vakillari o`rtasida “Nuroniylar” kubogi uchun;
- nogironligi bo`lgan shaxmatchilar o`rtasida “Cheksiz imkon” turniri;
- 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag`ishlangan, 50 ming AQSh dollari miqdorida mukofot fondiga ega “Women’s Chess Championship” xalqaro turniri;
- MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo mamlakatlar shaxmatchilari o`rtasida an`anaviy “Uzbekistan Chess Open” xalqaro turniri.
2022/2023 o`quv yilidan umumiy o`rta ta`lim maktablari, o`rta maxsus, professional va OTM hamda hududlardagi Yoshlar markazlarida shaxmat to`garaklari faoliyati yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, har yili Xalqaro shaxmat maktabida jahonning mashhur xalqaro grossmeysterlari ishtirokida yosh shaxmatchilar uchun trening va mahorat darslarini o`z ichiga olgan mavsumiy oromgohlar tashkil etiladi.






