Joriy yilning 3 avgust kuni qabul qilingan Qonunga ko`ra, advokatlar kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida bir qancha huquqlarga ega bo`ldi.
Jumladan, iqtisodiy, fuqarolik va ma`muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog`ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan ekspertiza o`tkazilishini so`rash, shuningdek, ekspertiza xulosasi ish materiallariga qo`shib qo`yilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish huquqi shular jumlasidan.
Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Ta`kidlanishicha, advokat tomonidan tayinlanadigan sud ekspertizaning afzalligi shundaki, bunda advokat shaxsan hal etilishi lozim deb topgan savollarni ekspertlar oldiga qo`yish va ushbu savollar asosida xulosa olish imkoniyatiga ega bo`ladi. Bu esa, sudda tortishuv instituti tamoyilining to`laqonli amalga oshirilishi orqali odil sudlovni yanada ta`minlashga asos bo`lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Qonun bilan nodavlat sud ekspertiza instituti faoliyatining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi, prosessual qonunchilik hujjatlarida nodavlat sud-ekspertlarining sud ish yurituvidagi ishtiroki hamda ularning vakolatini belgilash maqsadida Fuqarolik prosessual kodeksi, Iqtisodiy prosessual kodeksi va Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodekslarga tegishli o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Xususan, fuqarolik, ma`muriy va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ekspert sifatida nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining eksperti ham ishtirok etishi, sud hamda advokatlar davlat sud-ekspertiza muassasalari bilan bir qatorda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga ham ekspertizalar tayinlashi mumkinligi belgilandi.
Bu esa sud ekspertizasini o`tkazishda tomonlar uchun muqobil sud ekspertiza tashkilotlariga murojaat qilish imkoniyatini yaratish bilan birga nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari hamda davlat sud-ekspertiza muassasalari o`rtasidagi sog`lom raqobatni shakllantirishga yordam beradi.