Respublikamiz bojxonachilari tilla va zargarlik buyumlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o`tilishiga doir navbatdagi holatga chek qo`yishdi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Davlat bojxona qo`mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat bojxona qo`mitasining “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari havo yo`llari orqali tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o`tilishining oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlarni muntazam davom ettirishmoqda.
Jumladan, “Toshkent” xalqaro aeroporti”da “Istanbul-Toshkent” reysi bo`yicha parvozini yakunlagan yo`lovchilardan biri bojxonadan yashil yo`lak orqali harakatlanar ekan, uning bezovtalanishi bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.
Shundan so`ng, unga tegishli qo`l yuklari ko`zdan kechirilganda, uning sumkasi ichida yo`lovchi bojxona deklarasiyasi va bojxona xodimlarining og`zaki so`rovida ma`lum qilinmagan zargarlik buyumlari yashirilgani fosh bo`ldi.
Faqatgina shu emas. Qarang-ki, yo`lovchi bolasini o`tqazgan kolyaska cho`ntagiga ham tilla taqinchoqlarni yashirgan ekan. Shunday qilib, ushbu shaxs bojxona nazoratiga taqdim qilmasdan turib, jami og`irligi 1 kg. 198 gr.ni tashkil qiluvchi tilladan ishlangan zargarlik buyumlarini olib kirishga uringan vaqtda to`xtatib qolindi.
Mazkur zargarlik buyumlarining umumiy qiymati esa salkam 590 mln. so`mni tashkil qilmoqda.
Ta`kidlash joizki, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning o`tgan 7 oyi davomida aniqlangan 177 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 24 mlrd. 663 mln. so`mlik, salkam 16 kg. og`irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan. To`xtatib qolingan zargarlik buyumlarining miqdori esa o`tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga oshgan.
Eslatib o`tamiz, ayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan me`yorlariga ko`ra, jismoniy shaxslar respublikamizga qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlaridan – 65 gr.gacha olib kirishlari mumkin.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






