Sirdaryoda ilk bor buyrak ko`chirish amaliyoti o`tkazildi

Jamiyat 09.08.2022, 18:58
Sirdaryoda ilk bor buyrak ko`chirish amaliyoti o`tkazildi

Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Sirdaryoda bo`lib o`tayotgan sog`lomlashtirish aksiyasi doirasida viloyatdagi bir qator tibbiyot muassasalarida poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar boshchiligida ko`plab yuqori texnologiyali murakkab operasiyalar o`tkazilmoqda.

Xususan, akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari va mahalliy shifokorlar hamkorligida Sirdaryo viloyatida ilk bor noyob jarrohlik amaliyoti — buyrak transplantasiyasi amalga oshirildi.

Bemor Davron Abdurahmonov 23 yoshda. Bundan to`rt yil avval unga og`ir xastalik — surunkali buyrak etishmovchiligi tashxisi qo`yilgan. Bir yil o`tmay esa gemodializ muolajalarini ola boshlagan. Biroq kasallik terminal bosqichga o`tgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti tavsiya etilgan.

“Guliston tibbiyot klasteri”da amalga oshirilgan mazkur operasiya qariyb 5 soat davom etdi. Unda bemorga 53 yoshli onasi Hafiza Berdiyorovaning bir buyragi ko`chirib o`tkazildi. Hozir o`g`il va onaning ahvoli yaxshi va shifokorlar tomonidan tibbiy nazoratga olingan.

— Yosh bo`lsam-da, bu kasallikdan ko`p azob chekdim, — deydi bemor D. Abdurahmonov operasiyadan oldingi suhbatda. — Qolaversa, har 3-4 kunda gemodializ muolajasi orqali qonimni tozalatishga majbur edim. Yaxshiyam onajonim bor ekan. Ularning mehri tufayli yana hayotga qaytyapman. Buning uchun ulardan minnatdorman.

Shifokorlarning ta`kidlashicha, bugungi kunda zamonaviy transplantologiya og`ir buyrak xastaliklariga chalingan ko`plab bemorlar hayotini saqlab qolish imkonini bermoqda.

— Quvonarlisi, hududlarda o`tkazilayotgan sog`lomlashtirish aksiyalari tufayli bunday jarrohlik amaliyotlari viloyatlarda ham bosqichma-bosqich yo`lga qo`yilyapti, — deydi mazkur operasiyaga boshchilik qilgan malakali jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi Jasur Sobirov. — Ayniqsa, ushbu operasiyalar orqali mahalliy shifokorlarning tajribasi ortmoqda. O`ylaymanki, yaqin vaqt ichida ular bunday murakkab muolaja usullarini o`zlari mustaqil bajara olishadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1