O`zbekiston Interpolning Amerika Qo`shma Shtatlaridagi Milliy markaziy byurosi orqali qidiruvda bo`lgan shaxs aniqlanib, qaytarildi. Bu haqda Interpolning O`zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Interpol MMB axborot bilan ta`minlash va Amerika Qo`shma Shtatlari vakolatli organlari xodimlari bilan hamkorlikda Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan o`ta yirik hajmdagi o`g`irlikni sodir etgani uchun ichki ishlar organlarimiz tomonidan qidiruvda bo`lgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi ushlanib, chiqarib yuborilgan.
Shunday qilib, Amerika tomoni, O`zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlari va AQShning vakolatli organlari bilan olib borilgan muzokaralar, qo`shma tezkor harakatlar va axborot almashinuvi natijasida qidiruvdagi shaxsni mamlakatdan chiqarib yuborish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Jinoyatchi AQSh Immigrasiya va bojxona nazorati (ICE) xodimlari hamkorligida Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportga olib kelindi va O`zbekiston Interpol xodimlariga topshirildi.






