Magistrant xotin-qizlar kontraktini to`lab berish tartibi e`lon qilindi.
Joriy yilning 7 martida prezident farmoni asosida, 2022-2023 o`quv yilidan boshlab davlat oliy ta`lim muassasalarining magistratura bosqichida o`qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to`lovlarini davlat byudjetidan qoplanishi belgilangandi.
Mazkur jarayonni amalga tatbiq etish tartibini belgilovchi hukumat qarori qabul qilindi.
Moliya vazirligi buni ma`lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, qaror bilan davlat oliy ta`lim muassasalarining magistratura bosqichiga o`qishga qabul qilingan va o`qiyotgan xotin-qizlarga bazaviy to`lov-kontrakt (stipendiyasiz) summalari miqdorida to`liq to`lab beriladi.
Talabgorlardan 2022/2023 o`quv yilidan boshlab o`quv yili uchun to`lov-kontraktning to`liq summasini Davlat budjetidan qoplab berish yuzasidan o`zlari ta`lim oladigan oliy ta`lim muassasasining rektori (filial direktori) nomiga o`quv yilining 15-sentyabriga qadar ariza bilan murojaat etish talab etiladi.
Davlat oliy ta`lim muassasalarining magistratura bosqichi uchun to`lov – kontrakt summalari koplab berish to`g`risidagi arizalar 15 sentyabrdan keyin ko`rib chiqilmaydi va to`lov – kontrakt summalari qoplab berilmaydi.
Eslatib o`tamiz, ushbu tartib davlat oliy ta`lim dargohlari bilan birga quyidagilarga nisbatan ham tatbiq etiladi:
- Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi;
- Bosh prokuratura Akademiyasi;
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi;
- Bank-moliya akademiyasi.
Ma`lumot uchun, ushbu tartib nodavlat oliy ta`lim muassasalari va xorijiy oliy talim muassasalarining O`zbekistondagi filiallarida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba xotin – qizlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.