Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tmoqda.
Ta`kidlanishicha, Namangan viloyatida Prezidentning “Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi bo`yicha aholi turmush darajasi sifatini yanada yaxshilash, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish hamda aholi bandligini ta`minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi O`zbekistonning 2022–2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasida Namangan shahrini istiqbolda “bir millionlik shahar”ga, ya`ni “megapolis”ga aylantirish, investisiviy muhit yanada yaxshilanishi natijasida halqaro zamonaviy brendlar va yirik kompaniyalarning shaharga kirib kelishi, urbanizasiya jarayonlari sezilarli darajada tezlashishi, shaharning “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida boshqarish tizimi yaratilishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, Namangan shahrida bir yilda aholining o`rtacha o`sishi 30,3 ming kishini tashkil etishi hisobga olingan holda 2040 yilga kelib aholi soni tabiiy ravishda 1,2 mln. kishiga etishi prognoz qilinmoqda.
Mazkur qaror bilan Namangan shahrini “millionli shahar”ga aylantirish maqsadida unga chegaradosh bo`lgan To`raqo`rg`on tumanidan 472,4 gektar er maydonini qo`shib berish, hududda “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini tashkil etish ko`zda tutilmoqda.
Qayd etiligicha, ushbu qarorning qabul qilinishi aholini munosib ish o`rinlari bilan ta`minlash maqsadida shaharadagi mavjud savdo va maishiy xizmat ko`rsatish ob`ektlarida, shuningdek maydoni 164,2 gektar bo`lgan 4 ta kichik sanoat zonasida 41,0 mingdan ortiq yangi ish o`rinlarining yaratilishiga erishiladi.
Tahlillarga ko`ra, “millionli shahar”larda boshqa shaharga nisbatan iqtisodiy o`sish darajasi yuqori bo`ladi va aholi jon boshiga daromad tez o`sadi. Iqtisodiy tarmoqlar diversifikasiyasi kuchayadi hamda tarmoq klasterlarini tashkil qilish mumkin bo`ladi. Ayniqsa, “millionli shahar”lar mamlakat YaIMni o`sishida drayver vazifasini bajaradi.
Majlisda qaror loyihasi qabul qilindi.