AsosiyJamiyat

O`tgan 8 oyda 514 mln dollardan oshiq elektrotexnika sanoati mahsulotlari eksport qilindi

'O`tgan 8 oyda 514 mln dollardan oshiq elektrotexnika sanoati mahsulotlari eksport qilindi'ning rasmi

Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda «O`zeltexsanoat» uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov ma`lum qildi.

2022 yilning 8 oylik yakunlarini tahlil qiladigan bo`lsak, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 12 trln. so`mni, eksport hajmi – 514,0 mln.dollardan oshgan. Bu o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko`p degani. Hududlarda 23 ta loyiha ishga tushirildi. Bundan tashqari, mahsulotlarning eksport geografiyasi ham kengaytirildi. “GSP+” imtiyozlaridan foydalangan holda Evropaning Buyuk Britaniya, Ruminiya, Slaveniya, Chexiya, Avstriya va Vengriya davlatlariga, shu bilan birga Iroq, Livan, Mongoliya hamda Mavrikiy va Fidji orollariga tarixda birinchi marta elektrotexnika mahsulotlari eksport qilindi. 
Joriy yilda Rossiyaning “Eldarado”, “M-Video”, “DNS Atlas”, Fransiyaning “Ashan” hamda Qozog`istonning “Sulpak” va “Texnodom” yirik savdo tarmoqlari tashkil etildi va mahalliy mahsulotlarni eksportga olib chiqish bo`yicha kelishuvlarga erishildi. Avval eksport faoliyati bilan shug`ullanmagan Farg`ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi 11 ta korxona ilk marotaba o`z mahsulotlarini eksportga olib chiqishiga erishdi.
Ayni paytda 3 ta yirik klasterni amalga oshirish bo`yicha ishlar boshlangan. Jumladan, mis sanoati, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda innovasion faoliyat yo`nalishida klaster tashkil etiladi. 
Shuningdek, “O`zeltexsanoat” uyushmasi huzurida “Loyihalashtirish va injiniring xizmatini tashkil etish markazi” ham o`z ishini davom etttirmoqda. Davlatimiz tomonidan soha korxonalarini qo`llab-quvvatlanishi va ularga qonunchilikdagi huquqiy kafolatlarning berilishi tarmoqni iqtisodiy jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi, deyish mumkin. Bu ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun, ham xorijiy investorlar uchun ham o`zaro manfaatli hisoblanadi.
Kelgusi uch yilda tarmoq uchun jami 18 ming nafar shundan, 4 ming nafar oliy va 14 ming nafar o`rta ma`lumotli mutaxassis kadrlarga ehtiyoj yuzaga keladi. Davlat dasturida sohaga malakali mutaxassis-kadrlarni etkazib berishning yangicha tizimini yo`lga qo`yish ustida ham bir qator vazifalar belgilangan. Shundan kelib chiqib, bugun «Dual ta`lim» dasturini amaliyotga tatbiq etish ustida ishlanmoqda. Umumta`lim maktablarida elektrotexnika sohasi bo`yicha maxsus o`quv mashg`ulotlari va to`garaklar tashkil etilmoqda.
Elektrotexnika sanoati korxonalari hamda Toshkent shahridagi Chilonzor tuman 1-son kasb-hunar maktabi, Toshkent viloyatidagi Toshkent tumani xizmat ko`rsatish va servis texnikumining Chirchiq filiali, Samarqand viloyatidagi Urgut tuman 3-son kasb-hunar maktabi va Farg`ona viloyatidagi Farg`ona xizmat ko`rsatish va servis texnikumi o`rtasida kadrlar tayyorlash, ularning amaliyotini o`tkazish va ish bilan ta`minlash bo`yicha hamkorlik aloqalari o`rnatilgan.
4 ta yirik ishlab chiqaruvchilar qoshida “R&D” markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan bo`lib, ularning umumiy qiymati 20 mlrd so`mni tashkil etadi, shundan birinchi teng qismi (10 mlrd so`m) korxona hisobidan, ikkinchi teng qismi (10 mlrd so`m) Ilm-fanni moliyalashtirish va innovasiyalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi hisobidan moliyalashtiriladi. 
Bu kabi sohadagi istiqbolli izlanishlarni muttasil davom ettirish, sifatli, energiya tejamkor, atrof-muhit uchun xavfsiz hisoblangan texnologiyalardan foydalanish oldimizdagi eng katta vazifa ekan, bu maqsadlarga erishish uchun biz mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz lozim.
 

    Boshqa yangiliklar