Davlat soliq qo`mitasi tomonidan "E-ijara" elektron xizmatida transport vositasi ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo`yish imkoniyati yaratildi.
Elektron xizmatdan foydalanish uchun “ijara.soliq.uz” internet manziliga ijaraga beruvchi jismoniy yoki yuridik shaxslar elektron raqamli imzosi (ERI) orqali kiriladi.
Shartnomani hisobga qo`yish uchun elektron xizmatning “Transport vositalari ijara shartnomalarini hisobga qo`yish” oynasiga o`tiladi. Ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo`yish bilan bog`liq barcha ma`lumotlar avtomatik shakllanadi:
- transport vositasini ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi to`g`risidagi ma`lumotlar – JShShIR, FIO, manzil;
- ijaraga berilayotgan transport vositasi to`g`risidagi ma`lumotlar – rusumi, davlat raqami va h.k.
Mulkdor ijaraga berilayotgan transport vositasini tanlab, ijaraning boshlanish va tugash sanalari, bir oylik ijara to`lovi miqdorini kiritadi hamda shakllangan ma`lumotlarni tasdiqlash uchun "jo`natish" tugmasi orqali ijaraga oluvchiga yuboradi.
Ijaraga beruvchi jo`natgan ma`lumotlar ijaraga oluvchi tomonidan tekshirilib, tasdiqlash tugmasi bosilgandan so`ng ijara sharnomasi soliq organida avtomatik ravishda hisobga olinadi va hisobga qo`yilganligi to`g`risida guvohnoma shakllanadi.
Eslatib o`tamiz! 01.09.2022 yildan:
- fuqarolar va yo`lovchi tashish faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziyaga ega bo`lgan yuridik shaxslar o`rtasida tuziladigan transport vositasi ijara shartnomalarini notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi;
- transport vositasi ijara shartnomalari soliq organlarida elektron tarzda hisobga olinadi.
08.09.2022 10:35
Endilikda transport vositalari ijara shartnomalarini notarial tasdiqlash bekor qilindi
