13-18 sentyabr kunlari Toshkent shahrida “Ipak yo`li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali bo`lib o`tishi va bu kinofestival davomida turli janrdagi yangi filmlarning namoyish etilishi, dunyoga mashhur kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalarning tashrifi kutilmoqda.
Kinematografiya agentligi axborot xizmati festivalda turk aktyorlari delegasiyasi, jumladan, millionlab muxlislarning qalbidan joy olgan aktyor Burak O`zchivit hamda Nurgul Eshilchaylarning ham ishtirok etishini ma`lum qildi.
Ma`lum bo`lishicha, ular Turkiya delegasiyasi tarkibida Toshkentga tashrif buyuradi va boshqa turk aktyorlari bilan birga kinofestivalning asosiy tadbirlarida ishtirok etadi. Joriy yilning 15 sentyabr kuni Forumlar saroyida tantanali ravishda ochiladigan “Turk kinosi kunlari” shular jumlasidandir.
Turkiya delegasiyasi Toshkentda bir qator filmlar namoyishini o`tkazib, 16 sentyabr kuni Urganch shahriga jo`nab ketadi va u erda ham ikki kun davomida o`z filmlarini namoyish etadi.
Aktyor Burak O`zchivit ham Instagram sahifasida 14-15 sentyabr kunlari O`zbekistonda bo`lishi haqida gapirgan.
“14-15 sentyabr kunlari Toshkent kinofestivalida ishtirok etaman”, — deb yozgan aktyor sahifasiga.
Turk aktrisasi Nurgul Eshilchay "Ishkomli uy", "Kelin" "Muhtasham yuz yil. Ko`sem imperiyasi" kabi serialllardagi betakror ijrolari bilan xalqimiz qalbidan joy olgani shubhasiz.
Shuningdek, aktrisaning "Muhabbat va jazo", "Tilkapora", "Qizil sevgi" filmlari ham mashhurlikka erishgan.






