AsosiyJamiyat

Rasmiy bayonot: O`zJOKUda bir xodim ishdan olindi, 2 nafar xodimga hayfsan berildi

'Rasmiy bayonot: O`zJOKUda bir xodim ishdan olindi, 2 nafar xodimga hayfsan berildi'ning rasmi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda universitetda rektorga salom bermagani uchun talabani kaltaklashgani haqida xabar tarqalgan edi. 

Holat yuzasidan O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti Odob-axloq komissiyasi bayonoti e`lon qilindi. 

Ma`lum qilinishicha, 2022 yilning 10 sentyabr kuni O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti Odob-axloq komissiyasining kengaytirilgan tarkibdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Mazkur yig`ilishda joriy yilning 9 sentyabr kuni universitet talabasi J.Mahmudov hamda universitet xodimlari U.Rustamov, X.Mirzaev, F.Ochilovlar o`rtasida bo`lib o`tgan kelishmovchilik holati ko`rib chiqildi. O`rganishga ko`ra, universitet xodimi X.Mirzaev talaba bilan o`zaro qo`pol muomala sababli shaxsiy tortishuvga borganligi ma`lum bo`ldi. Vaziyat universitet profilaktika noziri H.Sodiqov tomonidan o`rganib chiqilgan va shu kunning o`zida tomonlar yarashuvi qarori qabul qilinib, masalaga echim berilganligi aniqlandi.

Biroq, yarashuv qarori qabul qilinganiga qaramay, universitet ichki mehnat tartibi qoidalari buzilganligi yuzasidan chora ko`rilishi lozim deb topildi.

Mehnat kodeksining 181-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo chorasi ya`ni, o`z vakolati doirasidan tashqariga chiqqanligi sababli X.Mirzaev egallab turgan lavozimidan ozod etildi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Boshqa xodimlar U.Rustamov va F.Ochilovga nisbatan hayfsan intizomiy chorasini qo`llash yuzasidan qaror qabul qilindi. Shuningdek, Universitet rahbariyatiga o`z vaqtida xabar bermaganligi sababali profilaktika noziri kapitan H.Sodiqovga nisbatan tegishli chora ko`rilishi uchun tuman Ichki ishlar organiga tavsiya yuborildi.

"Shuni yana bir bora ta`kidlaymizki, Universitet ma`muriyati ustoz-shogird an`analari, talabalar huquqini himoya qilish va jamoada o`zaro hurmat kabi qadriyatlarga qat`iy rioya qiladi", - deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar