Farg`ona viloyatining Uchko`prik tumanida sobiq hamshira uy sharoitida ukol qilishi oqibatida qizaloq vafot etdi. Bu haqda “Zamon.uz” saytida ma`lum qilindi.
Ma`lum bo`lishicha, ayblanuvchi 1988-2000 yillarda tuman tibbiyot birlashmasida hamshira bo`lib ishlagan. Keyinchalik sog`ligi yomonlashgach, ishlamay qo`ygan va qishloqdoshlarining iltimosi bilan uy sharoitida buyurilgan ukollarni qilib kelgan.
Ovsinining kelini ham qizi betob ekani, shifokor yozib bergan ukollarni qilib berishini iltimos qilgach, qarindoshiga yo`q, deyolmagan hamshira shifokor tavsiya qilgan “Seftoks” nomli kukunni 10 gramm “Novokain” bilan eritgan va eritmaning 0,1 gramini bemorning chap quymuch qismiga sinama tarzda yuborgan.
Oradan 3-4 daqiqa o`tgach, qiz qorni og`riyotganini aytib, qayt qilib yuborgan va sal o`tmay hushini yo`qotgan. Qizni Buvayda tuman Tez tibbiy yordam bo`limi 9-sonli shoxobchasiga olib borilayotgan vaqda vafot etgan.
Shuningdek, Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra qizaloqqa “Seftoks-Navakain” eritmasi yuborilganda nojo`ya tasir qilishi oqibatida allergik reaksiyani yuzaga keltirgan va nafas yo`llari berkilib qolgan. Uy sharoitida mazkur holatni oldini olishda foydalaniladigan dori vositalari yo`qligi sabab o`lim holati qayd etilgan.
Holat yuzasidan yuritilgan ish Jinoyat ishlari bo`yicha Qo`qon shahar sudida ko`rib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 102-moddasi (Ehtiyotsizlik orqasida odam o`ldirish) 1-qismi bilan malakalanib, uning ayol kishi ekani, muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchining qonuniy vakilini unga nisbatan da`vosi yo`qligini engillashtiruvchi holat sifatida inobatga olib, modda sanksiyasida nazarda tutilgan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.






