Xabaringiz bor, ayni kunlarda “Ipak yo`li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali o`tkazilmoqda.
Hozirda Samarqandda bo`lib turgan Shavkat Mirziyoev Toshkent xalqaro kinofestivali qatnashchilariga tabrik yo`lladi.
"Hurmatli kinofestival qatnashchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, siz, azizlarni – dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan mashhur aktyor va rejissyorlar, operator va rassomlar, prodyuserlar hamda kinoshunos olimlar, atoqli madaniyat va san`at arboblarini “Ipak yo`li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman",— dedi u murojaat ila.
Davlat rahbari so`zida davom etib, muhim yangiliklarni sanab o`tdi.
"Ma`lumki, so`nggi yillarda mamlakatimizda kino san`atini zamon talablari asosida rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Dunyodagi nufuzli kinokompaniyalar bilan aloqalar yo`lga qo`yilib, 30 dan ortiq davlatlar bilan hamkorlikda badiiy filmlar yaratish bo`yicha kelishuvlarga erishildi. Milliy va xorijiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida kinoshaharchalar bunyod etilmoqda. O`zbekistonda film suratga olishni istagan chet el kompaniyalari uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratilmoqda".
U, shuningdek, O`zbekiston madaniyati va san`ati rivojida munosib iz qoldirishiga ishonishi aytdi.
"Sizlar festival kunlari kino sohasidagi islohotlarimiz bilan tanishib, bu boradagi ishlarimiz samarasini oshirish bo`yicha foydali takliflaringizni bildirasiz, deb umid qilaman.
Bugun o`z ishini boshlayotgan kinofestival samimiy uchrashuv va muloqotlar, qizg`in bahs-munozaralar, ko`plab yangi badiiy asarlar taqdimoti bilan barcha ishtirokchilar faoliyatida, O`zbekiston madaniyati va san`ati rivojida munosib iz qoldirishiga ishonaman.
Siz, azizlarni XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi bilan yana bir bor tabriklab, ushbu ulkan san`at bayrami unutilmas lahzalarga boy bo`lishi, kino olamida yangi nom va iste`dodlarni kashf etib berishini tilab qolaman.
Barchangizga mustahkam sog`lik, ijodiy yutuqlar, kinofestival ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman",—deydi u.
Ma`lumot uchun, mazkur tabrik so`zlari sal avval o`z egalariga o`qib eshittirildi.






