AsosiyJamiyat

Andijondagi hibsxonada qiynoq asosida o`tkazilgan tergov jarayoni Ombudsman nazoratiga olindi

'Andijondagi hibsxonada qiynoq asosida o`tkazilgan tergov jarayoni Ombudsman nazoratiga olindi'ning rasmi

Joriy yilning 15 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Andijonda hali ham eski tuzum saqlanib qolganmi?” nomli videoxabar tarqaldi. 

Unda ayni kunlarda andijonlik 5 nafar yigit ishi apellyasiya sudida ko`rilayotgani, sud jarayonida ayblanuvchilarning hech biri aybiga iqror emasligi, ruhiy va jismoniy bosim asosida tergov qilingani aytilmoqda.

Inson huquqlari bo`yicha vakil, Ombudsman Axborot xizmatining bergan xabariga ko`ra, hozirda Andijondagi vaziyat mas`ullar tomonidan nazoratga olingan.

Davlat rahbarining 2021 yil 26 sentyabrdagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo`yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va ularga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo`yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish va qiynoqqa solish holatlari to`g`risidagi murojaatlarni ko`rib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklatilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, qiynoqqa oid tarqalgan mazkur xabar Ombudsman nazoratiga olingani va bu bo`yicha batafsil ma`lumot taqdim etilishini ma`lum qilamiz, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar