Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Uch tepa tumani “Aziz ota” jome masjidi imom noibi vazifasida ishlab kelgan Vohidov Mirsobitning chiqishi fuqarolarning bahs-munozalariga sabab bo`lmoqda. Ularda aytilishicha, chiqishlarida mulla o`z muridlariga O`zbekiston vatandoshini qo`lini sindirib, tarmoqda hech narsa yoza olmaydigan holga keltirishga undagan.
Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoq orqali imomlik maqomi va amaldagi qonun-qoidalarga e`tibor qilmay, go`yoki Islom dini samosud qilishga chaqirishi to`g`risidagi qarashlari aslida dinimiz ta`limotiga zid va bu O`zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini ifoda etmaydi, deya munosabat bildirdi idorasi Matbuot xizmati.
" O`zbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarni amaldagi qonunlarga zid ravishda zo`ravonlikka chaqiruvchi har qanday chiqishlarni qat`iy qoralaydi hamda ularni qonunchilik talablariga chuqur hurmat bilan munosabatda bo`lishga va to`la rioya etishga chaqiradi.
Qayd etish lozimki, diniy idoraning avval qabul qilingan va ijroga yo`naltirilgan hujjatlarida masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar amaldagi qonunchilik, odob-axloq qoidalari, mehnat majburiyatlariga amal qilish hamda ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida diniy asosda adovat qo`zg`atuvchi axborot tarqatmaslik, noxolis va salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo`luvchi chiqish qilmaslik talablari qat`iy belgilab qo`yilgan.
Shuningdek, O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 2022 yil 13 sentyabr kuni chiqarilgan 01/A 128-sonli buyruqda ham diniy soha vakillarining masjidlar va diniy marosimlarda, Internet tarmog`idagi chiqishlarida ijtimoiy beqarorlikka, milliy yoki diniy asosda nizo keltirib chiqishiga sabab bo`lishi mumkin bo`lgan ma`lumotlarni tarqatmaslik alohida ta`kidlangan edi, – deyiladi munosabatda.
Afsuski, yuqoridagi talablarga qaramay, Vohidov Mirsobit o`z chiqishida huquqiy-me`riy hujjatlar talablarini buzib, O`zbekiston musulmonlari idorasining mazkur yo`nalishdagi buyruqlari, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlaridagi talablarga rioya etmagan.
Idoraning 2022 yil 19 sentyabr kungi buyrug`i bilan Vohidov Mirsobit bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hamda uni egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.