Viloyat prokuraturasi andijonlik birinchi sinf o`quvchilariga sovg`a sifatida tarqatilgan maktab sumkalarida yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida 1-sinfga endi qadam qo`ygan o`quvchilarga qop-qora ryukzaklar berilgani, boz ustiga unga xorijiy brendlar logotipi tushirilgani aytilgan xabarlar muhokamaga sabab bo`lmoqda.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirib, Darakchi.uz'ga ayni holat bo`yicha o`rganish olib borilganini ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, "H.P.S." xususiy korxonasiga tegishli ishlab chiqarish ob`ektlarida 2022 yilning iyul-avgust oylari davomida davlat ro`yxatidan o`tkazilgan FILA”, “NIKE”, “ADIDAS”, “GUCCI”, “HELLO KITTY” xorijiy tovar belgilariga o`xshash bo`lgan "GUCCI”, “FILA”, “NIKE”, “ADIDAS”, “Hello Kitty” nomli o`quvchilar ryukzaklarini ishlab chiqarganligi hamda "O`quv ta`lim-ta`minot" davlat muassasasining shartnomasiga asosan, Andijon viloyatidagi umumta`lim maktablarining 1-sinf o`quvchilariga tarqatilganligi aniqlangan.
"Bu bilan korxona vakillari O`zbekiston Respublikasida huquqiy muhofaza olgan tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida o`xshash belgilardan foydalangan holatda mahsulotlarini ishlab chiqarishi va sotuvga taklif qilishi qonun hilof hisoblanadi. "Tovar belgilari, xizmat ko`rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to`g`risida"gi Qonunining 3-, 26- va 27-moddalariga asosan tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish deb e`tirof etiladi" — deyiladi prokuratura xabarida.
Eslatib o`tamiz, holat yuzasidan "H.P.S." xususiy korxonasiga nisbatan Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan o`zganing tovar belgisi bo`lgan va muhofaza qilinayotgan belgiga o`xshash tovar belgilaridan noqonuniy foydalanganligi uchun ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 177-moddasiga asosan ko`rib chiqish uchun sudga yuborilgan.






