AsosiyJamiyat

Muftiy qonunni mensimayotgan va bosar-tusarini bilmay qolgan 4 nafar tuman bosh imomini ishdan oldi

'Muftiy qonunni mensimayotgan va bosar-tusarini bilmay qolgan 4 nafar tuman bosh imomini ishdan oldi'ning rasmi

Kuni kecha, 21 sentyabr kuni respublikadagi tuman-shahar bosh imom-xatiblarining o`ta tanqidiy ruhda o`tgan yig`ilishida Muftiy hazrat barcha diniy soha xodimlarini jiddiy ogohlantirdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Majlisda ayrim imom-domlalar bosar-tusarini bilmay qolgani, amaldagi qonun talablarini mensimayotgani va mo`min-musulmonlar bo`linishiga sababchi bo`layotgani diniy sohaga katta dog` ekanini afsus bilan qayd etildi.

Muftiy hazrat yurtimiz mo`min-musulmonlari huquqiy davlat va qonun ustuvor bo`lgan jamiyatda istiqomat qilishi, barcha qonun oldida teng ekanini, shu bois, nima kasb qilish va qanday lavozim egasi bo`lishidan qat`iy nazar barcha qonunga amal qilishi zarur ekanini alohida ta`kidladi.  

Agar-da, huquqiy normalarini mensimay, odamlarni tafriqaga chaqirsa, muayyan shaxs, hudud yo kasb egalariga nisbatan tahqirlashlarga yo`l qo`ysa, mavjud holatni qonun doirasidan chetda hal qilishga urinsa, har qanday diniy soha xodimi salohiyati yoki qancha yil mehnat qilganiga qaramay vazifasidan ozod qilinishini Muftiy hazrat qat`iy bildirdi. Qonunga itoat – rahbarga itoat, bu esa dinimiz talabi hisoblanishi eslatildi. Asosiy mezon halollik, taqvo, sadoqat va itoatda ekani bayon etildi.

Mana shunday qo`pol xato-kamchiliklarga yo`l qo`ygan 15 nafar imom-xatib, 6 nafar imom-noibi va 2 nafar viloyat muhtasibi o`tgan 8 oyda vazifadan bo`shatilgani, shuningdek, 19 nafar diniy soha xodimiga “hayfsan” jazosi berilgani ma`lum qilindi.

Shuningdek, ushbu yig`ilishning o`zidayoq 4 nafar tuman bosh imomi ishdan olindi va 1 nafariga intizomiy chora qo`llandi.

Shuningdek, barcha diniy soha xodimlari ish faoliyatini tartibga solishi to`g`risida qat`iy ogohlantirildi.

Eslatib o`tamiz, sal avval Toshkent shahri Uch tepa tumani   “Aziz ota” jome masjidi imom noibi vazifasida ishlab kelgan Vohidov Mirsobit ijtimoiy tarmoqlar orqali "samosud"likni targ`ib qilgani uchun vazifasidan ozod etilgan edi. 

    Boshqa yangiliklar