AsosiyJamiyat

Toshkent aeroportida musodara qilinib hayvonot bog`iga jo`natilgan timsohcha va 6 ta buqalamun nobud bo`ldi

'Toshkent aeroportida musodara qilinib hayvonot bog`iga jo`natilgan timsohcha va 6 ta buqalamun nobud bo`ldi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning avgust oyida respublikamiz bojxonachilari Toshkent xalqaro aeroportida 57 dona timsoh bolalari hamda 10 dona buqalamunlarni noqonuniy ravishda olib kirishga bo`lgan urinishlarni fosh qilishgan edi. 

Holatga oydinlik kiritilguniga qadar ushbu yovvoyi hayvonlar Toshkent hayvonoot bog`iga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan edi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim savdo belgilarini targ`ib qilishda yovvoyi hayvonlardan, xususan timsoh bolalaridan foydalanilganligi sababli jamoatchilikda ushlab qolingan timsoh bolalari begona qo`llarga chiqib ketganligi yuzasidan shubha-gumonlar yuzaga kelganligi tufayli Davlat bojxona qo`mitasi Matbuot xizmati Toshkent hayvonot bog`ida bo`lib, jonivorlarning hozirgi holati bilan qiziqdi. Bu haqda qo`mita Matbuot xizmati "Darakchi.uz"ga ma`lum qildi.

E`tiborli jihati shundaki, timsohchalar hayvonot bog`i ekspozisiyasida tashrif buyuruvchilar e`tiboriga havola qilinmoqda. Yovvoyi tabiatdan ajratib olinganligi sababli timsoh bolalarining barchasi ham birdek xonaki sharoitga moslashganicha yo`q. Ularning ayrimlari mustaqil ravishda oziqlana olmayapti. 

Shuningdek, hamon maxsus karantinda saqlanayotgan buqalamunlarning ahvolini ham yaxshi deb bo`lmaydi. Ular qutida mevalar orasida olib kelinganligi sababli parvoz vaqtida mevalar ichida siqilib qolib, jiddiy shikast egan. 

Natijada, hozirga kelib 1 bosh timsohcha va 6 bosh buqalamun nobud bo`ldi. Hozirda ular utiliziasiyaga qadar maxsus muzlatkichda saqlanmoqda. 

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston faunasida Nil timsohlari va Yaman buqalamunlari uchramasligi sababli ular mamlakat Qizil kitobida uchramaydi. Ammo, Xalqaro qizil kitobga kiritilgan. 

Shu sababli ham yo`q bo`lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan Xalqaro savdo qilish konvensiyasiga muvofiq ushbu jonzotlarni respublikaga olib kirishda CITES maxsus ruxsatnomasi talab etiladi. Vaxolanki, O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, bunday ruxsatnoma olish uchun murojaat kelib tushmagan. 

Jonivorlarning keyingi taqdiri sud xukmiga binoan hal bo`ladi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. 

Ta`kidlanishicha, respublika bojxonachilari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida joriy yilning o`tgan davri mobaynida 2 bosh sher bolasining, 55 bosh sava qushlarining, 57 bosh timsoh bolalarining va 10 bosh yaman buqalamunlarning noqonuniy olib o`tilishiga o`z vaqtida chek qo`yishgan. 

    Boshqa yangiliklar