Avval xabar qilganimizdek, bugun, 28 noyabr kuni Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga doir jinoyat ishi yuzasidan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni bo`lib o`tmoqda.
Sudlanuvchilar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarning aksariyati sud tomonidan qanoatlantirilmoqda. Sud majlisida ayblanuvchi D.Tajimuratov bir nechta iltimos bilan murojaat qildi.
Xususan, D. Tajimuratov suddan himoyachisi bilan gaplashib olish uchun imkoniyat berishni so`radi, bu iltimosnoma sud tarafidan qanoatlantirildi va sudlanuvchi va himoyachisi gaplashib olish uchun imkoniyat berildi
U, shuningdek, sodir etilgan holatga guvoh bo`lgan fuqarolarni ham sud ishiga taklif qilinishini so`radi. Uning bu iltimosi inobatga olindi va asosiy guvohlar so`roq qilingach, qo`shimcha guvohlar so`roq qilinishi belgilandi.
Shuningdek, Tajimuratov "qalbining tozaligini isbotlash uchun" Qur`oni Karimni keltirishni so`radi. Cud bu so`rovni rad etdi, chunki bu kabi yuridik mexanizm qonunchilikda mavjud emas.
Sud jarayonida soat 14:00ga qadar tanaffus e`lon qilindi.
Eslatib o`tamiz, Nukus voqealarida ayblanayotganlar orasida IIB mulozimi ham bor.