Bu haqda AOKAda Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova ishtirokida o`tkazilgan brifingda ma`lum qilindi.
Brifingda "Dok-1 Maks" dori vositasining nojo`ya ta`siri bilan bog`liq vaziyat yuzasidan amalga oshirilayotgan haqida ma`lumot berildi.
Qayd etilishicha, O`zbekistonda “Dok-1 Maks” dori vositasining savdosi 2022 yil 22 dekabrdan vaqtincha to`xtatilgan bo`lib, "QURAMAX MEDIKAL" MChJga realizasiya qilingan dorixonalardagi qoldiq dori vositalarini qaytarib olish hamda dorixonalarga mazkur dori vositasini etkazib beruvchi distribyutorga zudlik bilan qaytarish choralarini ko`rish bo`yicha tegishli ko`rsatma berildi. Hamda ushbu dori vositalari respublikamizdagi barcha dorixonalardan tezkorlik bilan yig`ib olindi.
Shuningdek, bugundan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va yurtimizda ro`yxatdan o`tkazilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi vaqtinchalik to`xtatildi.
Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” dori vositasi tarkibida qo`shimcha yot moddalar aniqlanganligi bois, hozirda kompaniyaning boshqa mahsulotlari ham chuqur laborator tekshiruvlaridan o`tkazilmoqda.
Hindiston hukumati "Dok-1 Maks" dori vositasini ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasiga qarshi surishtiruv boshladi. Surishtiruv Uttar-Pradesh shtatidagi Narkotiklarni lisenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi tomonidan olib borilayapti.
Ta`kidlanishicha, “Dok-1 Maks” dori vositalari dorixonalardan yig`ib olinib, vaziyatga o`z vaqtida reaksiya bildirildi, shuningdek, yurtdoshlarimiz xonadonlarida saqlanayotgan ushbu dori vositalari haqida agentlikka xabar qilishga chaqirilmoqda. Bu harakatlar bilan dorining nojo`ya ta`siri lokalizasiya qilinadi.
"Shu o`rinda barchangizni yana bir bor ogohlikka chaqiramiz. Agar siz ham ushbu dori vositasini sotib olgan bo`lsangiz va hozirda bu preparat sizning uyingizda saqlanayotgan bo`lsa, uni zinhor qo`llamaslikni va 71-203-27-77 telefon raqamiga qo`ng`iroq qilishingizni so`raymiz",- deydi matbuot kotibi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda "Dok-1 Maks" dori vositasidan bolalar o`rtasidagi o`lim holatlarining aniqlangan edi. Shundan so`ng SSV O`zbekistonda "Dok-1 Maks" dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olishni boshladi va sirop ishi bo`yicha o`rganish natijalarini e`lon qildi.
Hozircha, dorining salbiy ta`siri oqibatida vafot etgan bolalar soni 20 nafarga etgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MChJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3 moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumonlanuvchi shaxslar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Ushbu voqealar ortidan Qirg`izistonda ham “Dok-1 Maks” dori vositalarini sotish taqiqlandi.