Buxoro viloyat prokuraturasi, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari va “O`zneftgazinspeksiya” mutaxassislari hamkorligida viloyatdagi metan quyish shoxobchalari o`rganildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, “D.A.” MChJga qarashli 2 ta shoxobcha va “O.B.G.” MChJga qarashli 1 ta shoxobchaga kelgan tabiiy gaz quvurlariga o`rnatilgan “Avtopilot-PRO” rusumli gaz hisoblash uskunalari tekshirilganda, gaz hisoblagich uskunasidagi mavjud implyus trubkasiga o`rnatilgan tamg`ani gaz mahsulotlari quvurlarida o`g`irlik qilish maqsadida hech qanday hujjatsiz boshqa tamg`aga almashtirib, implyus trubkasini mahkamlab, gaz o`tish harakati pasayishi natijasida hisoblagich diafragmasidan o`tayotgan gaz hajmini sun`iy ravishda kamaytirilgan holda ko`rsatilishiga erishgan.
Buning oqibatida, “D.D.” MChJga qarashli 2 ta shoxobcha tomonidan 11,1 mlrd. so`mlik hamda “O.B.G.” MChJga qarashli shoxobcha tomonidan 15,1 mlrd. so`mlik jami 26,2 mlrd. so`mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon - toroj qilinib, davlat manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazilgan.
Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan “Hududgaz Buxoro” gaz ta`minoti korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 207-modda 1-qismi hamda “D.D.” MChJ va “O.B.G.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo`llanildi.
Tergov harakatlari Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan o`tkazilmoqda.
"Tergovga aralashish va to`sqinlik qilish holatlarini oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi" deyiladi xabarda.
16.01.2023 18:30
“Hududgaz Buxoro” gaz ta`minoti korxonasi mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi
