Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Abdumavlon Qosimov o`z arizasiga binoan muddatidan oldin iste`foga chiqarildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputat Abdumavlon Qosimovning muddatidan oldin iste`foga chiqishini ma`qullagan, kengashning 27 yanvar kuni bo`lib o`tgan 77-sessiyasida qaror qabul qilingan. Deputatning o`zi iste`foga chiqish haqida ariza bergan. Deputat kengash kotibiyati mudiri lavozimida hamda ijtimoiy tarmoqlar va kengash saytini nazorat qilib borgan.
Ma`lumot uchun, Abdumavlon Qosimov 2020 yil yanvar oyida “Adolat” partiyasidan 45-Qoratosh okrugi deputati etib saylangan, deputatlik vakolati 2025 yilning yanvarigacha amal qilishi kerak edi.
Eslatib o`tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoev 16 yanvar kuni 2018 yil aprelidan buyon poytaxt hokimiyatini boshqarib kelgan Jahongir Ortiqxo`jaev iste`foga chiqishini ma`lum qildi. “Men uni o`z lavozimidan olib tashladim. Bo`sh gap, yolg`on hisobot, pastga tushmagani uchun, bu uyatsizning oyog`i erdan uzilgani uchun uni ishdan bo`shatdim”, — degan edi davlat rahbari. Shuningdek, sal avval Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi Jahongir Ortiqxo`jaevga minnatdorlik murojaati yo`lladi, bir muddatdan so`ng xabar o`chirilib, u rad etildi. Abdumavlon Qosimov mazkur minnatdorlik post joylangani bilan bog`liq vaziyatda tanilgan.
Eslatib o`tamiz, sal avval Toshkent shahar sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevning shahar kengashi deputatlik vakolati muddatidan oldin to`xtatilgani haqida xabar berilgandi.






