AsosiyJamiyat

⚡️Nukus voqealari bo`yicha ayblangan 22 nafar shaxsning sud hukmi e`lon qilindi

'⚡️Nukus voqealari bo`yicha ayblangan 22 nafar shaxsning sud hukmi e`lon qilindi'ning rasmi

Bugun, 2023 yil 31 yanvar kuni, Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e`lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog`iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati sudyasi Elubay Abibullaev raisligida birinchi instansiya sudida ko`rib chiqildi.

E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra, Salamat Kalilaev, Nurlan Sultamuratov 3 yildan; Polat Nurniyazov 4 yil; Qaharman Seytimov va Berdax Genjebaev 5 yildan; Saiipnazar Kalimov, Arislan Temirxanov va Polat Shamshetov 6 yildan; Amirbek Adilbekov, Baxtiyar Kadirbergenov, Seydabulla Medetov va Nurlan Nayipov 7 yildan; Razbek Bekmuratov, Sultanbek Kaipov, Dao`letmurat Djiemuratov va Bayram Seytniyazov 8 yildan; Allabay Toqimbetov 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanganlarga nisbatan tayinlangan jazo muddatlarini ular qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanishi belgilanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi.

Shuningdek, Azamat Nuratdinov 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o`tirigan 6 oy 13 kuni chegirilib, o`tash uchun 4 yil 5 oy 17 kun;

Axmet Smetullaev 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o`tirigan 6 oy 22 kuni chegirilib, o`tash uchun 4 yil 5 oy 8 kun;

Azamat Turdanov 5 yil, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o`tirigan 6 oy 25 kuni chegirilib, o`tash uchun 4 yil 5 oy 5 kun ozodlikni cheklash jazosiga sudlandilar.

Ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan A.Nuratdinov, A. Smetullaev va A.Turdanov sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Lolagul Kallixanova 8 yil ozodlikdan maxrum qilish jazosiga sudlanib, JKning 62-moddasiga asosan dastlabki qamoqda o`tirgan 6 oy 24 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, o`tash uchun 7 yil 5 oy 6 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilib, JKning 72-moddasi qo`llanilib, jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb belgilanib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Dauletmurat Tajimuratov JKning 159-moddasi 4-qismi, 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 243-moddasi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 59-moddasi tartibida 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada o`tash belgilandi.

Shuningdek, sudlanganlar D.Tajimuratov, L.Kallixanova, A.Turdanov, A.Smetullaev va D.Djiemuratovning aybidan JKning 28,104-moddasi 3-qismi “a” bandi, sudlanganlar R.Bekmuratov bilan S.Kaipovning aybidan JKning 104-moddasi 3-qismi “a” bandi, sudlangan A.Nuratdinovning aybidan JKning 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi chiqarildi.

Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlar oqibatida etkazilgan 6,8 milliard so`mdan ortiq zararning 256 million so`mi qoplanganligi inobatga olinib, qoplanmagan 6,5 milliard  so`mdan ziyod miqdordagi moddiy zararlarni sudlanganlardan solidar tartibda undirish, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilingan 228 million so`m zararni sudlangan D.Tajimuratovdan undirish, sudlanganlarga tegishli bo`lib jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulklarni keltirilgan zararni qoplashga qaratish belgilandi.

Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog`iston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasiga prosessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi ma`lum qilinadi.

Shuningdek, jinoyat ishini tergov qilish davomida yo`l qo`yilgan ayrim xato-kamchiliklarga nisbatan xususiy ajrim chiqarildi.

    Boshqa yangiliklar