Avvalroq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Toshkent viloyati Kengsoy MFYda joylashgan Harbiy ta`lim fakulteti talabalar yotoqxonasida "komendant" bo`lib ishlovchi ayolning o`g`li 1-kurs talabasini truba bilan urgani haqida xabar bergan edik. Universitet axborot xizmati Darakchi.uz'da e`lon qilingan xabarga rasmiy munosabat bildirib, quyidagilarni ma`lum qildi.
"Hozirda TDPUda 13 ta fakultet mavjud bo`lib, ular 9 ta manzilli hududda joylashgan. Darakchi.uz telegram kanalida keltirilgan ma`lumotlar Toshkent viloyati Toshkent tumani "Kengsoy" MFYdagi Harbiy ta`lim fakulteti joylashgan hudud yaqinidagi mahallada sodir bo`lgan.
Harbiy ta`lim fakultetining o`quv binosi komendantining o`g`li D.Y. va talaba E.R. o`rtasida "Kengsoy" mahallasida o`zaro janjal bo`lgan. Janjal darsdan tashqari vaqda yani yakshanba kuni ro`y bergan bo`lib, u fakultet hududida sodir etilmagan. O`rganishlarga ko`ra, talaba engil jarohat olgan, hozirda rentgen MRT qilingan. Tibbiyot xodimlari jarohat og`ir emasligini, ikki-uch kunda sog`lik to`liq tiklanishi haqida ma`lumot bergan. Talabaning shol bo`lib qolganligi haqidagi ma`lumot asossiz. Hozirda janjal holati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o`rganilmoqda",–deyiladi xabarda.






