So`nggi vaqtlarda sodda odamlarning ishonchiga kirib, haq evaziga ularning muammolarini internetga olib chiqish, shov-shuv ko`tarish orqali muammolarini hal qilib berishni va`da beradigan, keyin esa yo`q bo`lib qoladigan "bloger" niqobidagi kimsalar paydo bo`lmoqda. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig`ining Matbuot kotibi Bobur Tulyaganov ogohlikka chaqirdi.
"Fuqaroning muammosini hal qilib berish uchun kelgan "bloger" foydalanayotgan guvohnomasi, O`zbekiston Respublikasi "BLOGERLAR ASSOTSIATSIYASI"ga tegishli ekanligi ko`rsatilgan. Ammo bunday tashkilot Adliya vazirligi tomonidan esa bu nom bilan biror NNT ro`yxatga olinmagan" deb yozadi IIBB axborot xizmati rahbari, o`zining telegram kanalida.
Ma`lum bo`lishicha, guvohnoma davlat tashkilotlariga tegishli xizmat guvohnomasi kabi "yasalgan". Bunday ko`rinishdagi guvohnomadan faqat davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarigina foydalanishlari mumkin.
Eslatib o`tamiz, bu Jinoyat Kodeksi 228-moddasida keltirib o`tilgan.
Unga ko`ra:
Hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish;
Bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ushbu harakatlar takroran sodir etilayotgan bo`lsa;
Ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish;
Bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha jarima yoxud ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.