Shavkat Mirziyoev avtomobil sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va tarmoq raqobatbardoshligini oshirishga bag'ishlangan taqdimot bilan tanishtdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So'nggi yillarda mamlakatda avtomobil bozori sezilarli darajada o'zgargan: endilikda Chevrolet, BYD, Kia va Hyundai kabi yirik brendlar bilan hamkorlikda bir nechta zavodlar faoliyat yuritmoqda.
Joriy yilda esa Volkswagen, Foton va JAC Motors ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Hozirda 300 dan ortiq korxona Chevrolet, 40 ga yaqin korxona esa Kia va BYD uchun butlovchi qismlar yetkazib bermoqda.
Shuningdek, ishlab chiqarish hajmini oshirish va sohada bandlikni 1 million kishiga yetkazish masalalari ko'rib chiqilgan.
Volkswagen loyihasi doirasida dastlab Toshkentda yirik uzelli ishlab chiqarish, keyinchalik Angrenda to'liq siklli zavod tashkil etish rejalashtirilgan.






