AsosiyJamiyat

Sergelidagi portlash bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi

'Sergelidagi portlash bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi'ning rasmi

Joriy yilning 28 sentyabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahri, Sergeli tumani, Xonobod ko`chasi 3-uy manzilida joylashgan “Inter Logistics“ MChJga qarashli 18,4 gektar er maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kv. m. maydonda yong`in kelib chiqqan. Bu haqda IIV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yong`inning zarba to`lqini natijasida omborxona atrofida joylashgan bir nechta ko`p qavatli uylarga, binolarga hamda transport vositalariga shikast etgan hamda fuqarolar jarohatlangan.

Ayni vaqtda bir nafar 2006 yilda tug`ilgan voyaga etmagan fuqaro olgan jarohati oqibatida vafot etgani ma`lum bo`lgan.

Jarohatlangan fuqarolarga tez-tibbiy yordam ko`rsatilmoqda. Hodisa tafsilotlarini o`rganish bo`yicha hukumat komissiyasi tuzilgan.

Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi (Yong`in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tegishli idoralarning mutaxassislaridan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilgan bo`lib, yong`in kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tegishli ekspertizalar tayinlangan hamda kechiktirib bo`lmaydigan tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

Voqea tafsilotlari yuzasidan axborot berib boriladi.
 

 

Eslatib o`tamiz, bugun, 28 sentyabr kuni Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan bojxona omborxonasida kuchli chaqnash oqibatida yong`in sodir bo`ldi. Ayni paytga qadar berilgan ma`lumotlarga ko`ra, portlash va yong`in oqibatida jarohatlanganlar bor, qurbonlar haqida ma`lumot yo`q, hududddagi qator xonadonlar va boshqa ob`ektlar jiddiy zararlangan. Toshkent hokimi portlashdan talofat ko`rgan uylarning zarari qoplab berilishini ma`lum qildi

Ayni paytda yong`in maydoni, jabrlanuvchilar soni aniqlanmoqda. Voqea joyiga Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa mas`ullar etib borgan.

SSVning so`nggi ma`lumotiga ko`ra, portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Portlash bo`yicha Prezident topshirig`iga asosan Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi.

    Boshqa yangiliklar