AsosiyJamiyat

Sergelidagi portlashda omborda yonib ketgan elektromobillar utilizasiya qilishga yuboriladi

'Sergelidagi portlashda omborda yonib ketgan elektromobillar utilizasiya qilishga yuboriladi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, kecha, 28 sentyabr kuni Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan bojxona omborxonasida kuchli portlash oqibatida yong`in sodir bo`ldi

Voqea sodir bo`lgan vaqtda bojxona omboriga tutash hududda BYD rusumli avtomobillar ham bo`lgan. Afsuski, ularning ba`zilari portlash to`lqini va shisha parchalaridan yuzaki zarar ko`rgan. Kompaniya holat bo`yicha rasmiy munosabat bildirdi.

"Sizga shuni ma`lum qilamizki, barcha shikastlangan avtomobillar utilizasiya qilishga yuboriladi, zero bu xavfsizlik va atrof-muhitni saqlash nuqtai nazaridan muhimdir. Avtomobillarni etkazib berish bo`yicha barcha majburiyatlar shartnomada ko`rsatilgan muddatlarda bajariladi.

Portlash sabablari bo`yicha surishtiruv ishlari olib borilayotganligi va yakuniy ekspert xulosasi yo`qligi sababli, hodisaga elektr transport vositalarining aloqadorligi yoki boshqa faktlar haqidagi ma`lumotlarni tarqatmaslikni so`raymiz.

Fojiali hodisa tufayli barcha jabrlanganlar va ularning oila a`zolariga hamdardligimizni bildiramiz", - deyiladi xabarda. 

Eslatib o`tamiz, kecha, 28 sentyabr kuni Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan bojxona omborxonasida kuchli chaqnash oqibatida yong`in sodir bo`ldi. Toshkent hokimi portlashdan talofat ko`rgan uylarning zarari qoplab berilishini ma`lum qildi. Voqea joyiga Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa mas`ullar etib borgan.

SSVga ko`ra, portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Bir kishi halok bo`lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi. 

    Boshqa yangiliklar