2023 yil 19 iyulda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida Yutong avtobusi urib ketgan piyoda vafot etgani haqida xabar qilingan edi.
“Gazeta.uz” Yakkasaroy tuman sudida haydovchiga nisbatan o`qilgan sud hukmini ochiqladi.
Unga ko`ra, fojea sodir bo`lgan kuni soat 16:30 da Bobur ko`chasida avtobus haydovchisi A.D. chap tizmaga o`tayotganda orqani ko`rsatuvchi chap oynaga qarab, 2−3 soniya to`g`ri yo`lga qaramasdan chalg`ib qolgan. Shu vaqt yo`ldan o`tayotganda qatnov qismida belidan tushib qolgan rasiyasini olish uchun o`tayotgan G. K.ni urib yuborgan.
Yo`l-transport hodisasi oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga olib borilgan. Biroq tibbiyot xodimlarining sa`y-harakatlariga qaramasdan u vafot etgan.
Sudda haydovchi qilmishidan pushaymon ekanini va aybiga to`liq iqrorligini, shuningdek, piyodaning oila a`zolariga 8,3 million so`m moddiy yordam berganini ma`lum qildi. U suddan engilroq jazo tayinlashni so`radi.
Jabrlanuvchining turmush o`rtog`i haydovchidan 70 million so`m moddiy va ma`naviy zararlarni undirib berish va unga nisbatan qonun doirasida jazo tayinlashni so`rab, ko`rsatuv berdi.
Yakunda sud sudlanuvchi A.D.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam vafot etishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Unga nisbatan 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya`ni transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o`tashlik belgilandi.






