Bolalikning eng beg`ubor damlarini eslatuvchi Yangi yil bayrami har birimizga o`zgacha kayfiyat beradi. Bu bayrambolalik xotiralari bilan bog`liq bo`lgani uchun ham qadrli. Yulduzlarimiz bolaligidagi Yangi yil bayramini qanday xotirlaydi? Ular Qorboboga qanchalik ishonishadi? Qorbobodan olgan sovg`alarini eslay olishadimi?
“Bog`chada eng chaqqon edim...”
A`lo Rahimova, xonanda: — Albatta, bolalikda hamma ham Qorboboga ishonadi, xususan, men ham. Ulg`ayganim sari bu narsa bolani xursand qilib ovuntirish, ularni yaxshilikka ishontirish uchun o`ylab topilgan narsa ekanligini bilganman. Albatta, bu narsa yoqlayman, bolani mo``jizalarga ishontirish kerak.
Qorbobodan olgan eng esda qolarli sovg`am: chiroyli mushukcha rasmi tushurilgan sumkacha. Hozir ham juda xursand bo`lib eslayman. O`sha paytlarda ham bog`chada eng quvnoq, bayramlarda birinchilardan bo`lib qatnashadigan qiz edim. Shu sababdan ham yaxshi sovg`alar olar edim.
“Ko`p narsa kutardim...”
Sharof Muqimov, xonanda: — Bolaligimda Qorboboga ishonardim, undan ko`p narsa kutardim. Lekin ko`pincha so`ragan narsalarimni ololmaganman. Bolaligimda Qorbobodan nimani so`ragan bo`lsam, o`sha narsalarni katta bo`lganimda o`zim uchun sovg`a qilganman. Qanaqa avtomobillarni orzu qilgan bo`lsam, hammasini oldim. Shunchaki havas qilganlarimning barchasiga erishdim. Masalan, u avtomobillar men sotib olgan paytimda umuman rusumda emasedi, lekin bolaligimdagi orzum bo`lgani uchun ularni sotib olganman. Aytmoqchi bo`lganim, niyat qilaverish kerak, bir kuni albatta, amalga oshadi.
“Hozir ishontirish qiyin”
Dilnoza Ismiyaminova, xonanda: — Albatta, ishonganmiz. Shuning uchun Yangi yilni intiqlik bilan kutardik. Bog`chada shiringina konfet bo`lib sahanaga chiqqanman. Qorboboni kutganim, judayam ishonuvchan bola bo`lganimni eslayman. Hozirgi bolalarzni nimagadir ishontirish juda qiyin. To`g`ri, biz ham, uyga, bog`chamizga kelgan Qorbobo kimdir ekanligini bilardik, lekin haqiqiy Qorbobo borligiga, u shunchaki biznikigacha kelolmayotganligiga ishonardik. Eng kutadigan sovg`am shirinliklar bo`lardi. Juda ko`p shirinliklar berishardi. Menimcha, o`sha payt shirinlikka to`yib olgan bo`lsam kerak, hozir uncha yoqtirmayman.
“Bir voqea esimda...”
Ruxshona, xonanda: — Bilasizmi, biz bolajon xalqmiz, balki shuning uchun ham mo``jizalarga ishonuvchandirmiz. Shaxsan men mo``jizalarga ishonaman. U bor narsa. Hayotimizning har bir daqiqasi o`zi mo``jiza, mana shu erda siz bilan gaplashib turganim ham mo``jizaning bir ko`rinishidir. Lekin Qorboboga ishonchim erta so`ngan, tez ulg`ayganman. Qorbobodan aynan qaysi sovg`alarni olganimni aniq eslolmayman. Lekin qorbobo bilan bog`liq alohida voqea yodimda. Uyimizga qorbobo qaerdan kirishini bilish uchun kechasi bilan uxlamaganman. Tuni bilan Qorboboni poylab chiqqanman. Lekin tongga yaqin onam archa tagiga sovg`a qo`yganlarini ko`rib qolganman. Shunday bo`lsa ham, ertalab onamning kayfiyatlarini tushurmaslik uchun archa tagida qoldirilgan sovg`ani hayrat bilan ochganman.
“Ko`chaga chiqib chaqirardim...”
Bobur Mansurov, aktyor: — Bolaligimdayam hozirgidek sho`x, ko`rkam yigit bo`lganman. Har yil Yangi yilda ko`chaga chiqib Qorboboni baqirib chaqirardim. Sovuqda ancha payt ko`chada qolsam ham, menga ta`sir qilmasdi. Baqirib-chaqirib, oxiri charchab uyga kirardim. Hozir shu voqealarni kulib eslayman. Lekin Qorbobo kelmagan, haliyam kutyapman. Ko`rib qolsangiz, Bobur sizni kutyapti deb aytib yuboringlar. Biznikiga ham kelsinlar.
“Kimligi qiziq edi...”
Dilso`z, xonanda:— Kichkinaligimda qorbobo olib kelgan sovg`adan ko`ra, qorbobo bo`lib kim kelganiga ko`proq qiziqardim. Odatda, qorbobo o`zimizning qaysidir tanishimiz bo`lardi. Bolalarimni ham qorboboga ishontira olmaganman. Bugungi kun bolalari ancha ziyrak, ularni ko`p narsalarga ishontirish ancha qiyinroq. Lekin Yangi yil bizni bolaligimizni, ertaklarni esga soladigan bayramligi uchun ham uni juda yaxshi ko`ramiz va har doim oila davrasida kutib olamiz.
Eng esda qolarli sovg`a...
Ma`mur Xolmedov, so`z ustasi: — Bolaligimda Qorboboga ishonganman. Yil davomida aqlli bola bo`lib, Yangi yilda sovg`a kutardim. Eng esda qolarli olgan sovg`am Qorbobo nomli dadamdan olgan "Avtomat" o`yinchog`i edi. Eng qimmatbaho olgan sovg`am esa, pult yordamida boshqariladigan o`yinchoq mashina. Afsuski, hamma yigitlar kabi u o`yinchoqni o`ynashdan ko`ra qanday ishlashini bilish uchun ichini ochib tashlaganman. Hozir Qorbobo yo`qligini aniq bilaman, lekin qaynotam bor, umrlari uzoq bo`lsin. Nima so`rasam, olib berayaptilar, rahmat! Albatta, hazil.
“Talashib-tortishardik...”
Botirxon Imomxo`jaev, so`z ustasi: — Bolaligimda doim archa oldiga qo`yilgan sovg`alarni ochishni kutib turardim. Ertalab vaqtli turib aka-ukalar talashib sovg`a olardik, bu ham bir zavq berardi. To`g`risini aytish kerak, bayramlar juda ko`p, har xil bayramlar bor, lekin Yangi yil baribir boshqacha bayram. Ertaklarni eslatadigan, bolalikka qaytaradigan, oilaviy kutib oladigan o`zgacha bayram. Avvalo, har bitta bayram tinch yurtga yarashadi. yurtimiz tinch bo`lsin, dunyo tinch bo`lsin...
Bolaligimda har yilgi olgan sovg`amni yaxshi eslayman. Shulardan bittasi, mandarin mevalari va shirinliklar edi. Eng qiziq tomoni bolaligimdagi shu sovg`a solingan idish opalarimning uyida hali ham turibdi. Uni nina soladigan idish qilib qo`yishgan. O`sha idishni yilning qaysi paytida ko`rsam ham,Yangi yil bayrami esimga tushadi.
NAZIRA tayyorladi






